Andijon davlat texnika institutida “Korrupsiyaga qarshi ta’lim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi (“GRACE Initiative”) dasturi doirasida oliy va professional ta’lim muassasalarida o‘qitish uchun metodik tavsiyalar” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Mazkur seminar-treningda institut tyutorlari faol ishtirok etib, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, yoshlar ongida halollik va adolat tamoyillarini mustahkamlash, shuningdek, ushbu yo‘nalishda samarali pedagogik yondashuvlarni qo‘llash masalalari keng muhokama qilindi.
Tadbir davomida “GRACE Initiative” dasturi doirasida ishlab chiqilgan metodik tavsiyalar mazmuni atroflicha yoritilib, ularni o‘quv jarayoniga integratsiya qilish, talabalar o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda ularning huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha muhim fikr va tavsiyalar bildirildi.
Shuningdek, seminar ishtirokchilari tomonidan korrupsiyaning salbiy oqibatlari, uning jamiyat taraqqiyotiga ko‘rsatadigan ta’siri hamda yoshlarning bu illatga qarshi kurashdagi faol pozitsiyasini shakllantirish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Seminar-trening yakunida tyutorlarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash, ta’lim jarayonida korrupsiyaga qarshi madaniyatni keng targ‘ib etish hamda yoshlarning imkoniyatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan muhim xulosalar chiqarildi.