🏫 Andijon davlat texnika institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishga qaratilgan qarorlari ijrosini ta’minlash hamda iqtidorli yoshlarni aniqlash maqsadida umumta’lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Informatika va axborot texnologiyalari” fanidan institut (viloyat) bosqichidagi olimpiada yuqori saviyada tashkil etildi.🗣 Mazkur olimpiada Andijon viloyati bo‘ylab saralangan bilimli va iqtidorli o‘quvchilarni qamrab olib, ularning nazariy bilimlari hamda amaliy ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazishga xizmat qildi. Tanlov jarayonlari test, yozma va og‘zaki bosqichlar asosida tashkil etilib, ishtirokchilarning kreativ fikrlashi, muammoli vaziyatlarda yechim topish qobiliyati hamda IT sohasidagi bilimlari har tomonlama baholandi.
🔍Olimpiadani tashkil etish va o‘tkazish jarayonida ochiqlik, xolislik hamda shaffoflik tamoyillariga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayonda Andijon davlat texnika institutining Korrupsiyaga qarshi kurashish “komplaens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi faol ishtirok etib, barcha bosqichlarda adolatli muhitni ta’minlash, inson omili ta’sirini kamaytirish hamda baholash jarayonlarining xolisligini nazorat qildi.
🎛️ Olimpiada savollari institutning tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan ishlab chiqilib, ishtirokchilarning bilim darajasini chuqur tahlil qilishga yo‘naltirildi. Hakamlar hay’ati tomonidan ishlar belgilangan mezonlar asosida tekshirilib, eng yuqori natijalarni qayd etgan ishtirokchilar aniqlandi.
🏆 Olimpiada yakunlariga ko‘ra, g‘oliblar — 1-, 2- va 3-o‘rin sohiblari — Andijon davlat texnika institutiga imtiyozli tarzda o‘qishga tavsiya etilishi belgilangan bo‘lib, bu yoshlarning kelajakdagi ta’lim yo‘lida muhim bosqich hisoblanadi.
⚡ Mazkur olimpiada nafaqat iqtidorli yoshlarni aniqlash, balki ularni IT sohasiga yo‘naltirish, innovatsion fikrlashni rivojlantirish hamda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyot uchun malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilmoqda.