REKTOR MUROJAATI

• June 11, 2026, 2 p.m. • 23
REKTOR   MUROJAATI

Qadrli abituriyentlar, hurmatli ota-onalar!

2026–2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari boshlanganligi munosabati bilan barchangizga murojaat qilmoqchiman.

Abituriyentlarning hujjatlari joriy yilning 5-iyunidan 25-iyuniga qadar belgilangan tartibda faqat onlayn shaklda qabul qilinadi.

Bugungi kunda oliy ta’lim tizimida qabul jarayonlari zamonaviy axborot texnologiyalari asosida tashkil etilib, hujjat topshirish, ta’lim yo‘nalishlarini tanlash hamda natijalarni aniqlash jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan. Bu esa qabulning ochiqligi, shaffofligi va adolatliligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlashni istardimki, oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun hech qanday vositachi yoki uchinchi shaxsning yordami talab etilmaydi. Abituriyentlarning taqdiri faqat ularning bilim darajasi, tayyorgarligi va test sinovlarida qayd etgan natijalariga bog‘liq.

Afsuski, ayrim hollarda fuqarolarning ishonchidan foydalanib, o‘qishga kiritib qo‘yish, yuqori ball olib berish yoki turli imtiyozlar yaratib berishni va’da qiluvchi shaxslar uchrab turadi. Sizlardan bunday noqonuniy takliflarga aslo ishonmaslikni, turli vositachilar va manfaatdor shaxslarga murojaat qilmaslikni qat’iy so‘rayman. Oliy ta’lim muassasalariga qabul faqat abituriyentlarning bilim saviyasi va test natijalari asosida amalga oshiriladi.

Andijon davlat texnika institutida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabat shakllantirilgan. Institut jamoasi qabul jarayonlarining qonuniy, shaffof va xolis tashkil etilishi hamda har bir abituriyent uchun teng imkoniyatlar yaratilishini ustuvor vazifa deb biladi.

Agar sizga kimdir o‘qishga kiritib qo‘yish, imtiyoz yaratib berish yoki boshqa noqonuniy xizmatlarni taklif etsa, bunday holatlar haqida institutning korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi mas’ul tuzilmalariga zudlik bilan murojaat qilishingizni so‘raymiz.

📱 Telegram: @andmi_antikorr

🌐 Veb-sayt: korrupsiya.astiedu.uz

🤖 Anonim murojaatlar uchun botlar: @andmi_antikorrbot, @KQKBB

📞 Ishonch telefonlari: +998 74 223-47-11, +998 93 429-42-60

Aziz yoshlar! Kelajagingizni puxta bilim, yuksak maqsad va halol mehnat bilan bunyod eting.

Hurmatli ota-onalar! Farzandlaringizning bilim va salohiyatiga ishoning, ularni halollik, adolat va qonuniylik tamoyillari asosida qo‘llab-quvvatlang.

Barchangizga qabul jarayonlarida omad, yuksak natijalar va ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Umid Turdialiyev — Andijon davlat texnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor.



🏫Bizni kuzatishda davom eting!
📱Telegram |📱 Facebook | 📱Instagram | 📱YouTube



Ortga qaytish